O‘zbekistonda yuzlab odamlar oiladagi zo‘ravonlik uchun sudlandi
Oiladagi zo‘ravonlik tufayli nikohni bekor qilish bo‘yicha sudlarga 50 ga yaqin da’vo arizalari kiritilgan.

O‘zbekistonda 2025-yildan buyon qariyb 298 kishi oilaviy zo‘ravonlik uchun sudlangan, deb xabar bermoqda Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati.
Joriy yilning 8 oyi davomida Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 298 kishi sudlangan, ulardan 81 nafari ozodlikdan mahrum etilgan. Birgina 2024-yilda bunday jinoyatchilar soni 472 nafarni tashkil etdi, ulardan 150 nafari real muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bo‘yicha yil boshidan buyon 7 624 nafar, 2024-yilda esa 16 524 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shundan 6 ming 585 nafari ma’muriy qamoqqa olingan.
Jinoyat kodeksining 41-1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik) bilan o‘tgan davrda 1 450 kishi sudlangan. Ulardan 969 nafari ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan, 481 nafariga jarima solingan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1 854 nafarni tashkil etgan.
Yil boshidan buyon fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga oilaviy zo‘ravonlik tufayli nikohdan ajratish bo‘yicha 47 ta da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, ularning 37 tasi qanoatlantirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda oilaviy zolimlarga qurol sotishni taqiqlashmoqchi ekani xabar qilingandi. Shuningdek, rasmiylar IIB xodimlari bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslardan qurollarni vaqtincha olib qo‘yish tartibini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
Izohlar