O‘zbekistonda yong‘inlarni barvaqt aniqlash tizimi joriy etiladi
Baland qavatli binolarga videokuzatuv qurilmalari o‘rnatish orqali atrof-muhitni kuzatish va yong‘inlarni barvaqt aniqlash tizimi yo‘lga qo‘lyiladi.
2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Toshkent, Namangan, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Xorazm viloyatlari hududidagi baland qavatli binolar va inshootlarga videokuzatuv qurilmalarini o‘rnatish orqali atrof-muhitni kuzatish va yong‘inlarni barvaqt aniqlash tizimi joriy etiladi.
Videokuzatuv tizimini yaratish uchun loyiha texnik topshiriq hujjatlari ishlab chiqiladi. Videokuzatuv tizimi va uning texnik dasturiy ta’minoti xarid qilinadi. Videokuzatuv tizimi uskunalari belgilangan joylarga o‘rnatiladi va tizim joriy etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi aholi ko‘p yig‘iladigan joylari (aeroport, vokzal, bozorlar, yirik savdo va yopiq turdagi ko‘ngilochar markazlar) bino va inshootlarida yuzaga kelgan yong‘inlardan xabarlovchi signalizatsiya tizimi FVV hududiy quyi yong‘in-qutqaruv qismlarining yagona dispetcherlik xizmatiga ulanadi.
Zaruriy texnik vositalar xatlovdan o‘tkaziladi va o‘rnatiladigan joylar soniga aniqlik kiritiladi. Texnik va dasturiy vositalar uchun texnik topshiriq hujjatlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Texnik va dasturiy vositalar uchun tanlov (tender) savdolari o‘tkaziladi va xarid qilinadi. Texnik va dasturiy vositalar ishlab chiqish va o‘rnatish orqali hududiy tuzilmalarning yagona dispetcherlik xizmatlari bilan bog‘lanadi.