
O‘zbekistonda yangi kupe va plaskart yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarildi
Bundan tashqari, 12 ta vagondan iborat yangi dizel poyezd qurilib, Toshkent-Buxoro yo‘nalishida yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonda yangi kupe va plaskart yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning 2024-yilning mart oyidagi Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodiga tashrifi davomida “Yangi O‘zbekiston” timsoli ko‘rinishida yangi yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarish topshirilgandi.
61−950 va 61−951 modelidagi yangi kupe va plaskart yo‘lovchi vagonlarining uzunligi 26 metrni tashkil etadi. Har bir kupe alohida havo haroratini boshqarish pulti, haroratni nazorat qilish qurilmalari, elektr suv qaynatgich, telefonlarni quvvatlash moslamalari, ekologik toza hojatxonalar va videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.
Shuningdek, zavodda tayyorlangan 12 ta vagondan iborat yangi dizelda harakatlanuvchi poyezd qisqa muddatlarda o‘zlashtirilib, Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida yo‘lga qo‘yildi.
Poyezd zamonaviy o‘rindiqlar bilan jihozlangan, uning tarkibida 2 ta VIP, 4 ta biznes, 4 ta ekonom klassdagi vagonlar, 1 ta restoran va tarkibni quvvatlash uchun 1 ta dizel vagoni mavjud. Yoz va qish oylarida sovutish hamda isitish tizimlari uzluksiz ishlaydi, “boshqa yo‘lovchi vagonlarida mavjud bo‘lmagan texnologik imkoniyatlar bilan” to‘liq jihozlangan.
2024-yilda 35 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda 70 ta yo‘lovchi vagonini qurish ko‘zda tutilgan. Kelgusida zavodda yiliga 100 tagacha vagon ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, zavodda ishlab chiqarilayotgan har xil turdagi maxsus yo‘lovchi vagonlari qo‘shni davlatlarga sotilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Soʻnggi yangiliklar







