Tibbiyot muassasalarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 1329 ta xususiy klinika faoliyatini boshlash uchun litsenziya olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi klinikalar soni bo‘yicha Toshkent yetakchi bo‘ldi — u yerda 251 ta klinika ochilgan. Ikkinchi o‘rinda Farg‘ona viloyati — 169 ta klinika, uchinchi pog‘onani 129 ta yangi xususiy muassasa tashkil etilgan Samarqand viloyati egalladi. Keyin hududlar kesimi quyidagicha bo‘ldi:

  • Andijon viloyati — 121;
  • Qashqadaryo viloyati — 117;
  • Toshkent viloyati — 95;
  • Buxoro viloyati — 91;
  • Namangan viloyati — 74;
  • Xorazm viloyati — 71;
  • Surxondaryo viloyati — 62;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 54;
  • Navoiy viloyati — 50.

Qayd etilishicha, mos ravishda 30 ta va 15 ta klinika ochilgan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida xususiy tibbiyot sektorini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va xizmatlar qamrovini kengaytirish uchun katta salohiyat saqlanib qolmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda 9 mingdan ortiq xususiy tibbiyot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Avvalroq 2025-yil boshidan buyon o‘zbekistonliklar tibbiy xizmatlarga 16,5 trillion so‘m sarflagani haqida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash xizmatlaridan eng ko‘p Toshkent shahri aholisi, eng kam Navoiy viloyati aholisi foydalangan.