
Oʻzbekistonda Xitoyning bir elektromobil brendi importi cheklandi
Mutaxassislar modellardan birida kamchiliklar aniqlagani sababli nazorat organi sertifikatlashtirish uchun arizalarni qabul qilishni man etdi.

Oʻzbekistonda Xitoyning Leapmotor brendi avtomobillarini sertifikatlash toʻxtatildi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi qarori maʼlum qildi.
Hujjatga koʻra, qaror Leapmotor C16 modelida elektromagnit xavfsizlik talablari buzilgani aniqlangach qabul qilingan. Ushbu modelni tekshirish jarayonida “EURO PROF TEST” kompaniyasi mutaxassislari Texnik reglamentning 44-bandiga (BMTning 10-qoidasi) va “Keng polosali elektromagnit toʻsiqlar”ga jiddiy nomuvofiqlikni aniqlashgan.
Bu esa oʻz navbatida, elektronika uchun xavf tugʻdiradi, avtomobil tizimlari va unga ulangan qurilmalarning ishdan chiqishiga, hatto butunlay toʻxtab qolishiga olib kelishi mumkin. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida, ishlab chiqaruvchi tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar Leapmotor rusumli M1 toifadagi avtotransport vositalarini sertifikatlashtirish uchun arizalarni qabul qilish toʻxtatib turiladi.
“Bu nafaqat nosozliklarga olib kelishi, balki haydovchi xavfsizligiga ham tahdid solishi mumkin”, — deyiladi nazorat organi xulosasida.
Soʻnggi yangiliklar







