
O‘zbekistonda uzoq dam olish kunlarida ob-havo qanday bo‘ladi?
Tog‘li hududlarda qor yog‘ishi mumkin.

O‘zgidromet xabar berishicha, 21-23 mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib qoladi.
Kunduzi havo harorati 25-27 daraja issiqgacha, ayrim joylarda 30 darajagacha ko‘tariladi. 21 mart kuni respublika hududining aksariyat qismida Navro‘z bayrami qulay ob-havo sharoitida nishonlanadi, faqat shimoliy hududlarda ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzi havo harorati 27-30 daraja issiq atrofida bo‘ladi.
Shanba va yakshanba kunlari respublikaning g‘arbiy hududlariga nam va nisbatan salqin havo oqimi kirib kelishi boshlanadi. 22-23 mart kunlari Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘adi. Ba’zi tog‘li hududlarda yomg‘ir, baland tog‘larda esa qor yog‘ishi kutilmoqda.
Respublikaning qolgan hududlarida quruq ob-havo saqlanib qoladi. Ushbu kunlarda havo harorati asta-sekin pasayib, 22-27 daraja issiqni tashkil etadi. Sharqiy shamol g‘arbiy yo‘nalishga o‘zgarib, 7-12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida 20-23 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 21 va 23 mart kunlari 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tunda havo harorati asosan 12-14 daraja, kunduzi 26-28 daraja issiq bo‘ladi.
Soʻnggi yangiliklar







