2 Iyul 2024, 17:34 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda tunda shovqin qilganlar uchun jarima miqdori qanchaga oshirilishi ma’lum qilindi

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

O‘zbekistonda tunda shovqin qilganlar uchun jarima miqdori qanchaga oshirilishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi. 2-iyul kuni qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyiha bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda, shuningdek, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilanmoqda.

Ya’ni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek, dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oralig‘ida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bunga ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha (1 million 20 ming so‘mdan 1,7 million so‘mgacha), mansabdorlarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda. Amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga — 113 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 113 ming so‘mdan 226 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Mashhur yangiliklar