26 Iyul 2024, 15:00 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni sezilarli kamaygani aytildi

Statistika agentligiga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki 6 oyida tug‘ilgan chaqaloqlar soni 2023-yilning mos davridagidan 14 700 nafarga kam bo‘lgan.

O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni sezilarli kamaygani aytildi

Joriy yilning dastlabki 6 oyida tug‘ilgan chaqaloqlar soni 2023-yilning mos davridagidan 14 700 nafarga kam bo‘ldi. Bu haqda Statistika agentligi aholining demografik holatiga doir bergan maʼlumotlarda keltirilgan.

O‘zbekistonda 2024-yil yanvar–iyun oylarida tirik tug‘ilganlar soni 419,9 ming kishini tashkil etdi (2023-yil mos davrida 434,6 ming bola tug‘ilgan). Shundan o‘g‘il bolalar soni 218,1 ming nafar, qiz bolalar 201,8 ming nafar bo‘lgan.

Agentlik tahliliga ko‘ra, tirik tug‘ilganlar soni shaharlarda 212,3 ming kishini, qishloqlarda 207,6 ming kishini tashkil etgan.

Yarim yil davomida eng ko‘p tug‘ilishlar may oyida yuz bergan bo‘lib, bir oy ichida 38 026 nafar o‘g‘il bola, 34 865 nafar qizlar dunyoga kelgan.

Yanvar–iyun oylarida jami chaqaloqlarning 97,7 foizi 1 nafar, 2,2 foizi 2 nafar tug‘ilgan.

Olti oy davomida tug‘ilgan chaqaloqlardan 9,9 foizining otasi 25 yoshgacha, 82,9 foiziniki 25–39 yoshlarga hamda 7,2 foizining otalari 40 yosh va undan katta yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tug‘ilgan bolalardan 37,4 foizining onasi 25 yoshgacha, 61,3 foiziniki 25–39 yoshlar,1,3 foiziniki 40 yosh va undan katta yoshdagilardan iborat bo‘lgan.

Respublikada o‘tgan yillarning yanvar–iyun oylarida tug‘ilgan chaqaloqlar soni quyidagicha bo‘lgan:

2015-yil — 311,7 ming nafar;
2016-yil — 317,9 ming nafar;
2017-yil — 311,8 min nafar;
2018-yil — 324,3 ming nafar;
2019-yil — 347,3 ming nafar;
2020-yil — 365,6 ming nafar;
2021-yil — 390,7 ming nafar;
2022-yil — 413,6 ming nafar.

Mashhur yangiliklar