O‘zbekistonda tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali energiya ishlab chiqarila boshlandi
Ayni paytda zavodda kuniga 3 tonna tibbiyot chiqindisi yoqiladi va utilizatsiya qilinadi, umumiy hisobda uning quvvati 6 ming tonna chiqindini qayta ishlashga mo‘ljallangan.

Toshkentda tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan birinchi zavod ishga tushdi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi birinchi zavod 25-avgust kuni Chilonzor tumanidagi 16-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida ishga tushirilgan. Loyihaning birinchi bosqichi 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan. Uning davomida rasmiylar loyihaga 7 million dollar sarmoya kiritdi. Zavod yiliga 6 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlab, soatiga 20 gigavattgacha energiya ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.
Keyinchalik, 2026-yildan 2030-yilgacha investitsiyalar 108 million dollarni tashkil etadigan ikkinchi bosqich boshlanadi va quvvat soatiga 90 ming tonna va 300 gigavattgacha oshirilishi kerak. Ayni paytda zavodda kuniga 3 tonna tibbiyot chiqindisi yoqilib, utilizatsiya qilinmoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasining Olmazor tumanidagi 2-klinikasi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Toshkent tumanidagi tibbiyot muassasasida tibbiyot chiqindilarini samarali utilizatsiya qilishga mo‘ljallangan navbatdagi zavodlar qurilishi jadal davom etmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston xavfli sanoat chiqindilaridan yoqilg‘i ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar berilgandi. Mamlakat uni amalga oshirishga yordam beradigan ikkita xorijiy kompaniya bilan shartnoma imzolagan.
Izohlar