18 Iyul 2024, 15:36 Oʻzbekiston

Oʻzbekistonda tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi

Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida investor, loyiha kompaniyasi va hukumat nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlandi.

Oʻzbekistonda tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi

“Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Sayar LLC kompaniyasi (investor) tomonidan “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida Sayar green masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona (loyiha kompaniyasi) taʼsis etilgan.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida investor, loyiha kompaniyasi va hukumat nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlandi.

2024-yil 1-avgustdan:

  • tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil boʻladigan tibbiyot chiqindilari toʻliq hajmda loyiha kompaniyasiga topshiriladi;
  • loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi taʼminlanadi. Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.

Investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil boʻladigan tibbiyot chiqindilarini loyiha kompaniyasiga toʻliq yetkazib berish boʻyicha talabga rioya etmaslik sanitar osoyishtalik va chiqindilarni toʻplash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish davomida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik hisoblanadi.

Mashhur yangiliklar