O‘zbekistonda teatr va sirk artistlariga malaka toifasi beriladi
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari, teatr studiyalari, sirk va konsert-tomosha muassasalarining artist xodimlariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat prezidentning 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq qabul qilindi. Unda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning faoliyatini tartibga solish hamda qo‘shimcha rag‘batlantirish nazarda tutilgan.
Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- teatr, sirk va konsert-tomosha muassasalarida malaka toifalari bilan lavozimlarni berish tartibi;
- malaka toifalarini berish mezonlari, tartibi va muddatlari;
- toifani pasaytirish yoki bekor qilish asoslari;
- malaka toifalarini berish bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi.
Malaka berish quyidagi baholash mezonlariga asoslanadi:
- ijodiy qobiliyatlar;
- ish staji;
- turli konsertlar va spektakllarda ishtirok etish sifati va soni;
- jamoat ishlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy va ijodiy yig‘ilishlardagi faollik.
Malaka toifasi yilda bir marta belgilanadi va badiiy kengash xulosasi asosida muassasa direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.