O‘zbekistonda talabalarning ilmiy g‘oyalari ishlab chiqarishga tatbiq etiladi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi
Bundan tashqari, Toshkent arxitektura-qurilish universitetida dual ta’lim shakli joriy etilmoqda.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda “Universitet — laboratoriya — korxona — vazirlik” ekotizimi joriy etiladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi axborot xizmati.
Prezidentning 2025-yil 1-iyuldagi “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyatida ta’lim tizimi samaradorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-209-son qarori qabul qilindi.
Ushbu tizim doirasida har yili qurilish sohasida hamkorlik qiluvchi korxonalardan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinadi. Talabalar, magistrlar va ilmiy tadqiqotchilar o‘rtasida «20 ta eng yaxshi g‘oya» tanlovi o‘tkaziladi. G‘olib loyihalar bo‘yicha laboratoriyalarda tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, SSP tomonidan amaliyotga joriy etilgan ilmiy tadqiqot mualliflari BHMning 35 baravari (11,9 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat OTMlarining arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi barcha laboratoriyalari faoliyati Universitet tomonidan “UniLab” platformasi orqali muvofiqlashtiriladi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar Universitet faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
- ta’lim jarayonini amaliyot bilan integratsiyalash uchun dual ta’lim shaklini to‘liq joriy etish;
- ilmiy salohiyatni eksport qilish doirasida — Universitet brendini shakllantirish va 2028-yil yakuniga qadar kamida 1 000 nafar xorijiy talabani jalb qilish.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universitetida dual ta’lim shakli joriy etiladi. Dual ta’lim dasturi kredit-modul tamoyili asosida quyidagicha amalga oshiriladi:
- 1-kurs talabalari uchun: o‘quv dasturining 60% (nazariy qism) auditoriyalarda, 40% (amaliy qism) qurilish sanoati korxonalarida o‘tkaziladi;
- 2, 3 va 4-kurs talabalari uchun: dasturning 40 foizi (nazariya) auditoriyalarda, 60 foizi (amaliyot) qurilish sanoati korxonalarida.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni e’lon qilgandi. Mamlakatda har yili yoshlar tanlab olinib, dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirishga tayyorlanadi.
Izohlar