O‘zbekistonda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” uchun maktablar muhofazasi kuchaytiriladi
Ota-onalardan bolalariga kechgacha sayr qilish, spirtli ichimlik iste’mol qilish va mashina boshqarishga ruxsat bermaslik so‘ralgan.

O‘zbekistonda 24-may — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami munosabati bilan maktablarda qo‘riqlash kuchaytirildi, deb xabar bermoqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot xizmati.
Bayram tadbirlari soat 08:00 dan 10:00 gacha mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ortiq muassasalarda bo‘lib o‘tadi. Ularda 2 milliondan ortiq 1-, 9- va 11-sinf bitiruvchilari ishtirok etadi. O‘tkaziladigan tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklarining 27 mingdan ortiq xodimlari jalb etiladi.
Tadbirlar o‘tkaziladigan ta’lim muassasalari to‘liq tekshirilib, qo‘riqlash punktlariga ulanadi. Videokuzatuv kameralari hududiy ichki ishlar organlarining situasion markazlariga integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, yoshlar ommaviy sayr qilishi kutilayotgan bog‘ va xiyobonlarda 5 mingdan ortiq huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiy xizmatchilar patrullik qiladi.
Serqatnov yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida patrul-post xizmati xodimlari kuchaytirilgan tartibda ishlaydi. Maktablarning joylashuviga qarab, transport harakati vaqtincha cheklanishi mumkin.
Ota-onalar bitiruvchilarning yarim tungacha istirohat bog‘larida bo‘lishiga, spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishiga, ko‘chalarda kortejlarda sayr qilishiga, avtomobillar, skuterlar va samokatlarni boshqarishiga, yonida sanchuvchi, kesuvchi va hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan boshqa buyumlarni olib yurishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Avvalroq o‘quv yilining yakuni bir kun avvalga qoldirilgani haqida xabar berilgandi.
Izohlar