Oʻzbekistonda qurilish sohasidagi qoʻpol qonun buzilishi boʻyicha 179 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Taʼlim sohasi obyektlari qurilishi belgilangan hududlarda joylashgan 144 ta yaroqsiz bino-inshootlar toʻliq buzdirildi.
Oʻzbekistonda 2024-yilning oʻtgan davrida qurilish sohasida qoʻpol qonun buzilishi holatlari boʻyicha 179 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bosh prokuratura masʼul xodimi Mansur Roʻzimov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, oʻrganishlar natijasida loyiha hujjatlariga asossiz kiritilgan qariyb 2,4 trillion soʻm mablagʻ maqbullashtirildi. Iqtisod qilingan mablagʻlarni aholining dolzarb muammolarini hal qilish va qoʻshimcha ishlar bajarishga yoʻnaltirish choralari koʻrildi.
Taʼlim sohasi obyektlari qurilishi belgilangan hududlarda joylashgan 144 ta yaroqsiz bino-inshootlar toʻliq buzdirildi. Qurilishga toʻsqinlik qiluvchi 569 ta daraxtning koʻchirish masalasi hal etildi.
Shuningdek, obyektlarda oʻtkazilgan monitoring tadbirlarida 338 ta holatda sifatsiz bajarilgan 25,5 milliard soʻmlik hamda 138 ta holatda hisobotlarga qoʻshib yozilgan 44,4 milliard soʻmlik ishlar bartaraf ettirildi.
“Umuman, sohada oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida noqonuniy hujjatlarni bekor qilish boʻyicha 79 ta protest keltirildi, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha tegishli idoralarga 360 ta taqdimnoma kiritildi, 1104 nafar shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 1799 nafari rasman ogohlantirildi”, — dedi Bosh prokuratura masʼul xodimi.
Aniqlangan qoʻpol qonun buzilishi holatlari boʻyicha 179 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, 90,1 milliard soʻmlik zarar undirilishi taʼminlandi hamda 9 823 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiyada o‘zbekistonlik erkak balandlikdan yiqilib halok bo‘ldi Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi Rossiyada o‘zbekistonlik yigit 9-qavatdan tushib ketdi Samarqandda sifatsiz qurilayotgan talabalar yotoqxonasi qurilishi to‘xtatildi Toshkentda sal kam 108 mlrd so‘mga 20 ta yer usti piyodalar o‘tish joyi quriladi