O‘zbekistonda Qurbon hayitida o‘n minglab xodimlar tartibni nazorat qiladi
Bayram tadbirlarida millionlab fuqarolar ishtirok etadi.

O‘zbekistonda Qurbon hayitini nishonlash kuni fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun 30 mingdan ortiq huquq-tartibot va xavfsizlik organlari xodimlari tartibni nazorat qiladi.
6-iyun kuni butun mamlakat bo‘ylab 2 milliondan ortiq dindorlar muqaddas bayramda ishtirok etishi kutilmoqda. Buning uchun jamoat tartibi va xavfsizligini 17 mingdan ortiq IIO xodimlari, mingdan ortiq Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va 2 mingdan ortiq FVV vakillari kuzatib boradi. Masjidlar, qabristonlar va odamlar gavjum joylarda huquq-tartibot idoralari xodimlari navbatchilik qiladi.
Bundan tashqari, 2,9 mingta masjidda bo‘lib o‘tadigan hayit bomdod namozi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining hududiy organlari bilan integratsiya qilingan 15 mingdan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Shuningdek, ko‘plab odamlar tashrif buyurishi kutilayotgan 9,4 ming qabristonda 10 mingdan ortiq huquq-tartibot idoralari xodimlari navbatchilik qiladi. Rasmiylar fuqarolarni bayram tinch o‘tishi va barcha uni munosib nishonlashi uchun xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayiti namozi butun O‘zbekiston bo‘ylab turli vaqtlarda, hammadan oldin — Andijon viloyatida boshlanadi. Bayram munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket uch kun dam oladi.
Avvalroq Toshkentda Qurbon hayiti munosabati bilan avtobus va metro erta tongdan ishlay boshlashi haqida xabar berilgandi. Bu barcha xohlovchilarga hayit namozida ishtirok etish uchun yo‘lni osonlashtirishi kerak.
Izohlar