O‘zbekiston

O‘zbekistonda “qizil maktablar” ro‘yxati tasdiqlandi

Bunday maktablarda ishlashga tayyor o‘qituvchilarga uy-joy ijarasi uchun pul ajratiladi.

O‘zbekistonda “qizil maktablar” ro‘yxati tasdiqlandi

O‘zbekistonda 2025-2026-o‘quv yili uchun “qizil maktablar” tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Xalq ta’lim info portali.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim darajasi past bo‘lgan muassasalar ro‘yxatiga 470 ta ta’lim muassasasi kiritilgan. O‘tgan yilga nisbatan ularning soni 75 taga, 2023 yilga nisbatan esa 172 taga kamaygan.

Shuningdek, yangi o‘quv yilida o‘qituvchilar uchun ustamalar ularning qaysi hududdan kelganligiga qarab 50 foizdan 100 foizgacha bo‘lishi qayd etilgan. Boshqa viloyatlardan kelgan o‘qituvchilar uchun ustama miqdori yuqoriroq bo‘ladi. Olis hududlardan kelgan pedagoglarga ham BHMning 50 baravari (18,7 mln so‘m) miqdorida bir martalik pul yordami beriladi.

Bundan tashqari, pedagoglarga har oyda BHMning 2 baravari (750 ming so‘m) miqdorida pul kompensatsiyasi to‘lanadi. Hokimiyat uni o‘qituvchi ishlagan davrda tumanlar (shaharlar) mahalliy byudjetlaridan xizmat uy-joylari uchun ajratadi. Xizmat ikki yilgacha amal qiladi. Bunda, olis hududlarda joylashgan “qizil maktablar”da ishlayotgan pedagoglarga ish stajiga qarab quyidagicha ustamalar to‘lanadi:

  • 10% – ish staji 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan o‘qituvchilarga;
  • 20% – 3 yildan 5 yilgacha;
  • 30% – 5 yildan 10 yilgacha;
  • 40% – 10 yoshdan 15 yoshgacha;
  • 50% – 15 yildan ortiq.

Bunda ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablarda ishlash istagini bildirgan pedagoglar tegishli fan bo‘yicha oliy ma’lumotga, shuningdek, birinchi yoki oliy malaka toifasiga hamda kamida bir yillik pedagogik stajga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, pedagog ishlayotgan maktab ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablar ro‘yxatiga kiritilmasligi kerak.

Avvalroq Toshkentdagi barcha pedagogika oliy o‘quv yurtlari faoliyati o‘zgartirilishi haqida xabar berilgandi . Chet tili o‘qituvchilarini malaka oshirish uchun xorijga yuborish rejalashtirilgan.

Izohlar

Mavzuga oid