O‘zbekistonda paxta terimiga majburiy jalb qilish bilan bog‘liq bir necha holat aniqlandi
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan 11 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, mutasaddilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumida xodimlar faoliyati monitoringi davomida 3 ta holatda xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, monitoring Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnatni ta’minlash masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mutaxassislar 300 dan ortiq holatda terimchilar va ish beruvchilar o‘rtasida rasmiy mehnat munosabatlari o‘rnatilganini qayd etishdi.
Biroq yana 11 ta holatda tartib posbonlari tomonidan mehnat qonunchiligi buzilgani, 3 ta holatda esa majburiy mehnat holatlari ham aniqlangan. Natijada huquq-tartibot idoralari mas’ul shaxslarga nisbatan 49- (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) va 51-moddalar (Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan ma’muriy choralar ko‘rgan. Vazirlik bunday holatlarni qoralab, nafaqat paxta yig‘im-terimida, balki barcha sohalarda majburiy mehnatga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini eslatdi.
Avvalroq Sariosiyo tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova mahalla faollaridan 5 nafardan odamni dalaga olib chiqishni talab qilgani, rad etganlarni esa “insofsizlar” deb haqorat qilgani haqida xabar berilgandi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tergov boshlanganini ma’lum qilgan.
Izohlar