O‘zbekiston

O‘zbekistonda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlandi

Majmuada beshta asosiy sport inshooti, shuningdek, turli sport turlari uchun 15 ta ochiq maydon mavjud.

Prezident matbuot xizmati xabar qilishicha, 18-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentda qurilishi yakunlangan Olimpiya shaharchasini borib ko‘rdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, majmua qurilishi 2022 yil 9 noyabrda boshlangan. 100 gektardan ortiq maydonni egallagan majmua qariyb 290 million dollarga tushgan. Uni CAMC Engineering kompaniyasi xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirdi. Qayd etilishicha, shaharchada beshta asosiy sport inshooti joylashgan.

Birinchidan, bu mutaxassislar tomonidan murakkab muhandislik yechimlari va original dizayn asosida qurilgan velodrom. Uning treki sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Bundan tashqari, ko‘p qatlamli qoplamada eng mustahkam yog‘ochlardan foydalanilgan.

Qoplama sifatini saqlab qolish uchun velodrom ichida yil davomida barqaror harorat saqlab turiladi. Yorug‘lik sportchilar uchun ham, tomoshabinlar va teleko‘rsatuvlar uchun ham qulay bo‘lishi uchun bir tekis va optimal tarzda tashkil etilgan. Tribunalar 2 200 kishiga mo‘ljallangan. XOQning yangi talablariga muvofiq, tomoshabinlar joylarida himoya to‘siqlari o‘rnatildi.

Bundan tashqari, velodrom ko‘p funksiyalidir, chunki u yerda stol tennisi va qilichbozlik bo‘yicha musobaqalar va mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin. Bu O‘zbekistondagi birinchi shunday darajadagi obyekt. Prezident hududlarda velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash, buning uchun zarur sharoitlar yaratish yuzasidan topshiriq berdi. Shavkat Mirziyoyev stol tennisi arzon va ommaviy sport turi ekanini ta’kidlab, uni maktab va mahallalarda faol yo‘lga qo‘yish, zarur jihozlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bundan tashqari, shaharchaning markazida 12 ming o‘rinli stadion joylashgan. Xalqaro turnirlar davomida u yerda tantanali marosimlar o‘tkaziladi, yashil maydon va to‘qqiz polosali yugurish yo‘lakchasida yengil atletikaning 48 turi, jumladan, jahon chempionatlari, “Brilliant ligasi”, paralimpiya musobaqalari va ko‘zi ojizlar uchun IBSA o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Qolgan vaqtda stadiondan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va dual ta’lim uchun foydalaniladi. Stadion qoshidagi 4 qavatli binoda milliy terma jamoalar va sport federatsiyalari mutaxassislari joylashadi. Davlatimiz rahbari yengil atletika va paralimpiya sport turlari aholi salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutib, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari dasturidan keng o‘rin olgani, lekin mamlakatimizda ularning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi.

Shu bois mutasaddilarga yengil atletikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, hududlardagi stadionlarni rekonstruksiya qilib, mashg‘ulotlar uchun sharoitlarni yaxshilash, xorijiy murabbiylarni jalb qilib, sportchilarning mahoratini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Keyingi o‘rinda – Suv sporti saroyi. Unda suzish uchun 25×50 metr, suvga sakrash uchun 25×20 metrli basseynlar, mashg‘ulot suzish havzasi, trenajyor zallari barpo etilgan. Shuningdek, barcha sharoit va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standartlariga to‘liq javob beradi. Buni majmuani ko‘zdan kechirgan World Aquatics federatsiyasi delegatsiyasi ham tasdiqladi.

U yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish va suv polosi bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari, shu jumladan, Olimpiya dasturidagi turnirlarni o‘tkazish mumkin. Tribunalar 2 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan. Prezidentimiz suv sportini yanada rivojlantirish, xalqaro turnirlardagi natijalarni oshirish zarurligini ta’kidladi.

O‘yin turlari va yakkakurash majmualari ham xalqaro standartlar darajasida barpo etilgan. Ularning har biri uch qavatli bo‘lib, 2 ming o‘rinli minbarlarga ega. Bittasida voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulotlar va xalqaro musobaqalar, yakkakurashlar zalida esa dzyudo, boks va taekvondo bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev sportchilar bilan muloqotda.

Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey va yengil atletika bo‘yicha 15 ta ochiq maydoncha barpo etilgan. Paralimpiyachilar uchun 400 o‘rinli yotoqxona, Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakunlanmoqda. Shaharchadagi barcha obyektlar energiya tejamkor bo‘lishi rejalashtirilgan. Avtoturargohlar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda Olimpiya o‘yinlari uchun sport turlari soni oshirilishi haqida xabar berilgandi. Rasmiylar ularni ustuvorlik bo‘yicha taqsimlab, medallar va litsenziyalar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная