O‘zbekistonda oktyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?
Unga ko‘ra, 5-oktyabrdan boshlab harorat pasayadi.
O‘zbekistonda 2024-yilning oktyabr oyi iliq ob-havo bilan boshlanadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”. 2—4-oktyabr kunlari harorat kechalari 13-18 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 26-31 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yomg‘ir faqat 2-oktyabr kuni Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va 3—4-oktyabr kunlari respublika shimolida va cho‘l hududlarida yog‘adi.
Respublika bo‘yicha 5-oktyabrdan 10-oktyabrgacha harorat foni pasayadi. Ushbu davrda havo harorati asosan kechalari 8-13 daraja iliq, kunduz kunlari 21-26 daraja iliq bo‘ladi.
O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida 5—6-oktyabr kunlari baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 7—10-oktyabrda asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.
Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari 10-15 daraja iliqdan 0-5 darajagacha iliq, kunduz kunlari 23-28 daraja iliqdan 15-20 darajagacha iliqqa o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligida ayrim hududlarda ayoz kuzatilishi mumkin. Oktyabr oyi ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarining ayrim kunlarida (o‘n kunlikda 1-3 kundan) baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda qorga aylanadi.
Oylik yog‘ingarchilik miqdori meʼyordan kam, respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida baʼzi joylarda meʼyor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.