O‘zbekiston

O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi taomnomasiz yuzlab umumiy ovqatlanish joylari aniqlandi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng muassasalardagi qoidabuzarliklar bartaraf etildi.

O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi taomnomasiz yuzlab umumiy ovqatlanish joylari aniqlandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘zbek tilida taomnoma taqdim etmagan 524 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalarini aniqladi.

Tekshiruvlar umumiy ovqatlanish muassasalaridagi turli qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 80 ta shikoyat asosida o‘tkazildi. Reydlar davomida 480 ta ana shunday shoxobchalarning to‘liq nomi va ish jadvali ko‘rsatilmagani, 524 tasida o‘zbek tilida menyu berilmagani, 449 tasida esa narxlar preyskuranti umuman yo‘qligi aniqlandi.

Ayniqsa, tashrif buyuruvchilarga faqat rus yoki boshqa chet tillarida menyu taklif qilish holatlari e’tiborni tortdi. Nazorat qiluvchi organlar aralashuvidan so‘ng ushbu muassasalarda o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi va menyuning tegishli tarjimalari tayyorlandi.

Shundan so‘ng 380 ta muassasada o‘tkazilgan tanlanma tekshiruvlarda xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga e’tibor qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2,8 mingdan ortiq ishchining 41 foizi (1164 kishi), shu jumladan oshpazlar, yordamchilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning amaldagi tibbiy daftarchalari bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda qahvaxonalarda o‘zbek tilidagi taomnoma mavjudligi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgandi. Iste’molchilarning mas’ul idoralarga shikoyatlaridan so‘ng holat qonunchilikka muvofiqlashtirilgan.

Izohlar

Mavzuga oid