O‘zbekistonda o‘qituvchi va tarbiyachilarning majburiy mehnatiga qarshi reyd o‘tkaziladi
Javobgarlik choralari nafaqat ish beruvchilarga, balki barcha mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda maktab va bog‘chalarda xodimlarning majburiy mehnatiga qarshi kurashish haftaligi o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchilari va bolalar bog‘chalari tarbiyachilarini ta’lim muassasalarida devorlarni ta’mirlash, bo‘yash va boshqa ishlarda qatnashishga majburlash holatlari haqida xabarlar paydo bo‘la boshlaganidan keyin bunday tadbir o‘tkazishga qaror qilingan. Shu munosabat bilan Mehnat inspeksiyasi tomonidan barcha ta’lim muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Haftalik 15 avgustdan boshlanadi va uning doirasida nafaqat ish beruvchilarga, balki majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan barcha mansabdor shaxslarga nisbatan ham javobgarlik choralari ko‘riladi, deyiladi vazirlik xabarida. Vazirlikning ta’kidlashicha, OAVda yoritilgan holatlarning kamida 10 tasi tasdiqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli ma’muriy javobgarlik choralari ham qo‘llanilgan.
Avvalroq Andijonda o‘qituvchilar maktabda devorlarni bo‘yashga va partalarni sudrab yurishga majburlangani haqida xabar berilgandi. Maktabgacha ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, videolar yozgi shanbalik paytida olingan va “yordam berishdan” bosh tortganlarga “namuna” sifatida o‘qituvchilar chatlariga yuborilgan.
Izohlar