O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tartibi o‘zgartiriladi
Rasmiylar VKK tizimidan voz kechadi.

O‘zbekistonda nogironlikni aniqlash bo‘yicha tibbiy-maslahat komissiyalari tizimidan voz kechiladi; Bu haqda davlat rahbari tibbiy xizmat sifatini oshirish, dori vositalaridan foydalanish va tibbiy taʼlimni yuksaltirishga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, davlat rahbari ushbu tizimdan butunlay voz kechib, oilaviy shifokor tomonidan berilgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi koʻmagida nogironlik belgilashni boshlashga qaror qilgan.
Nogironlikni belgilashda VKK – vrachlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechilishi belgilandi. Endilikda nogironlik oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi., dedi davlat rahbari.
Taʼkidlanishicha, masʼul shaxslarga yangi tizimni 1 iyundan Toshkent va Navoiy shaharlarida, 1 sentyabrgacha esa butun respublika boʻylab joriy etish boʻyicha topshiriq berilgan. Bundan tashqari, mamlakatimizda mahallalar miqyosida kasalliklarni erta aniqlash va asoratlarini kamaytirishning yangi tizimi yaratiladi.
Davlatimiz rahbari bunga misol tariqasida Ishtixon shahridagi poliklinika hamda viloyat kardiologiya, endokrinologiya, ona va bola markazlari biriktirilgan mikrotumanlarni keltirdi. Mazkur tashkilotlar shifokorlari tumanlarda bo‘lib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazmoqda, shuningdek, biriktirilgan oilaviy shifokorlarga kasalliklarni joyida aniqlash va davolash bo‘yicha o‘qitilib, poliklinikalarda davolash va tashxis qo‘yishning yangicha yondashuvlarini joriy etmoqda.
Davlat rahbari mahallaga biriktirilgan holda natija ko‘rsatgan mutaxassislar oylik maoshining ikki baravari miqdorida mukofotlanishini ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekistonda oilaviy shifokorlar 1500 dollar olishi mumkinligi xabar qilingandi. Hamshiralar maoshi ham 800 dollargacha oshiriladi.
Izohlar