O‘zbekistonda minglab amaldorlar ishdan bo‘shatiladi
Bandlik vazirligi va kasaba uyushmalari ishdan bo‘shatilgan xodimlarga boshqa ish topib beradi.

O‘zbekistonda ijro hokimiyati shtat birliklari soni 2141 taga qisqartiriladi, deyiladi prezident farmonida.
Shundan 1863 tasi byudjetdagi shtat birliklari, 278 tasi byudjetdan tashqari jamg‘armalar bilan bog‘liq shtat birliklaridir. Eng katta qisqarish Soliq qo‘mitasi (486 birlik), Suv xo‘jaligi vazirligi (224 birlik), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (200 birlik) va Bandlik vazirligida (163 birlik) sodir bo‘ladi.
Bundan tashqari, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalardagi 16 ta o‘rinbosar lavozimlari tugatiladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi kasaba uyushmalari bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilayotgan xodimlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralarini ko‘radi. Ijro hokimiyati organlarida shtat birliklari 46 989 nafargacha qisqartiriladi.
Avvalroq mamlakatda hokim o‘rinbosarlari sonini 4 nafar etib belgilash taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. 2026-yil yakuniga qadar 32 ta tuman va shaharda yangi boshqaruv tartibi joriy etiladi.
Izohlar