O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Tomonlar mamlakatning amaldagi rasmiylari bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qildi.

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus vakillarining Afg‘oniston bo‘yicha birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda mamlakat TIV matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ishtirok etgan. Uchrashuv tashabbuskori O‘zbekiston bo‘ldi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Afg‘onistonning geostrategik joylashuvi, tarixan bog‘liq bo‘lgan madaniy va iqtisodiy makonni, shuningdek, Yevroosiyoda barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashdan umumiy manfaatdorlikni hisobga olgan holda afg‘on muammosiga mustaqil yondashuvni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
Muhokama chog‘ida tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatga konsensus asosida umumiy, muvozanatli va real yondashuvlarni ishlab chiqishga intilishlarini, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash va rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Mamlakatlar vakillari mintaqa mamlakatlarining manfaatlari va milliy ustuvorliklarini hisobga olgan holda Afg‘onistonning amaldagi rasmiylari bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini ham muhokama qildilar va mintaqaviy xavfsizlik, jumladan, transchegaraviy jinoyatchilik, ekstremizm va terrorizm, shuningdek, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash sohasida muvofiqlashtirishni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Afg‘onistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlardagi rolini alohida ta’kidlab, Afg‘oniston masalasi bo‘yicha fikr almashish, maslahatlashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish platformasi sifatida Muloqot guruhi faoliyatiga barqaror tus berish muhimligini qayd etdilar. Shuningdek, tomonlar ushbu formatda, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida kelishib oldi.
Tadbir davomida davlatlar vakillari Muloqot guruhining keyingi faoliyati Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqil va mas’uliyatli rolini mustahkamlashga va butun makromintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Avvalroq toliblar oradan to‘rt yil o‘tib, o‘zlarini Afg‘onistondagi hokimiyat deb tan olgani xabar qilingandi. Amir vazirlarga “vazifasini bajaruvchi” maqomidan voz kechishga buyruq berdi, bu esa hukumatni rasman vaqtinchalik qildi.
Izohlar