O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tayinlandi
Bungacha ushbu lavozimda Prezident Administratsiyasiga ishga o‘tgan Hilola Umarova ishlab kelayotgandi.

31-iyul kuni prezident farmoni bilan E’zozxon Karimova maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi prezident matbuot kotibi.
Karimova nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullandi. Parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hukumat a’zoligiga nomzod ta’lim tizimidagi islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha harakatlar dasturini taqdim etdi.
Jarayon an’anaviy ravishda jamoatchilikka translyatsiya qilinmagan.
Ilgari Karimova MMTV rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan, u prezidentning 28-apreldagi farmoni bilan ushbu lavozimga tayinlangan. E’zozxon Karimova tayinlovga qadar Maxsus maktablar agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ham faoliyat yuritgan.
2021-yilda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i, 2021–2023-yillarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. 2023–2024-yillarda “Yangi O‘zbekiston” universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev prezident administratsiyasining ustuvor yo‘nalishlariga mas’ullarni tayinlagandi. 14-iyul kuni Hilola Umarova Prezident administratsiyasi rahbarining ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tishi munosabati bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimini tark etdi.
Izohlar