O‘zbekistonda liftlar yiliga kamida bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi
Tekshirilgan modellarga ularning holatini bildiruvchi rangli stikerlar yopishtiriladi.

O‘zbekistonda liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish qoidalari yangilandi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda liftlarni majburiy ko‘rikdan o‘tkazish har 12 oyda kamida bir marta amalga oshiriladi. Shuningdek, o‘rnatilgandan so‘ng foydalanishga topshiriladigan yangi lift va ko‘targichlar ham maxsus elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar majburiy birlamchi ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ixtisoslashtirilgan tashkilotlar pudratchi murojaat qilgan paytdan boshlab 10 ish kunidan kechiktirmay tekshiruv o‘tkazadi. Tekshiruvdan so‘ng mutaxassislar lift kabinasiga uning holatini ko‘rsatuvchi rangli stikerni yopishtiradi:
- Yashil — lift soz va xavfsiz, foydalanish mumkin;
- Ko‘k — e’tibor talab qiladigan kichik nosozliklar aniqlangan;
- Sariq — lift nosoz, ta’mirtalab;
- Qizil — foydalanish uchun xavfli, foydalanish taqiqlangan.
Bunda «qizil belgili» liftlar barcha qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar zudlik bilan foydalanishdan chiqarilishi kerak bo‘ladi. Yangi tizim fuqarolar xavfsizligini oshirish va liftlarning texnik holatini nazorat qilishning shaffofligini ta’minlashi rejalashtirilgan. Stikerlar esa aholiga liftning holatini darhol baholash imkonini beradi.
Avvalroq O‘zbekistonda to‘rt va besh qavatli uylarda liftlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Hozircha eski ko‘targichlarni almashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Izohlar