O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori tubdan o‘zgaradi
Ipoteka, ommaviy renovatsiya va qurilishlar hajmini 10 barobarga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sohasini nazorat qiluvchi ikkita tashkilot paydo bo‘ladi, deyiladi prezident qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorining barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi. Ushbu tashkilotning vazifalari uy-joyga egalik qilish imkoniyatini oshirish, shuningdek, uy-joy qurilishida renovatsiya asosida qurilayotgan uy-joylar ulushini ko‘paytirishdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari, kengash ortiqcha qurilish yoki uy-joy yetishmovchiligining oldini olish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini uy-joy bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, mamlakatda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy qo‘mitasi tashkil etiladi. Qo‘mita, o‘z navbatida, urbanizatsiya jarayonlari sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organga aylanadi. Tashkilot Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Shuningdek, qo‘mita “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi qo‘mita tasarrufiga o‘tkaziladi. Qayd etilishicha, yangiliklar uy-joy sohasini rivojlantirish, har yili quriladigan uy-joylar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 421 mingtaga yetkazish, 10 barobardan ziyod oshirish va 2040-yilgacha ipoteka kreditlari portfelini 56,7 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan.
Izohlar