O‘zbekistonda kichik AESni qurish ishlari boshlanadigan sana ma’lum qilindi
MAGATE Jizzax viloyatidagi tanlangan hududda qurilish imkoniyatlarini ijobiy baholadi.

“O‘zatom” direktori Azim Axmedxadjayev “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida kichik AES qurilishi loyihasi bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari yakunlangani haqida gapirdi.
Xalqaro atom energiyasi agentligining missiyalari davomida Jizzax viloyatidagi tanlangan Tuzkon ko‘li hududida kichik atom elektr stansiyasini qurishni davom ettirish imkoniyatlari haqida ijobiy fikrlar bildirildi.
2025-yilda O‘zbekiston AEXAning xavfsizlik bo‘yicha to‘rtta xalqaro konvensiyasiga qo‘shildi, bu esa AES loyihasini amalga oshirish jarayonini tezlashtirish imkonini beradi.
“Bugungi kunda yer qazish ishlarini boshladik. Maydonda kotlovanni tayyorlash uchun barcha zarur ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda atrof-muhitga ta’sirni baholash va loyiha xavfsizligini ta’minlashni baholash bo‘yicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqishni yakunlaymiz. Shunday qilib, biz keyingi bosqichga o‘tishimiz mumkin”, — dedi Azim Axmedxadjayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident AES qurilishi loyihasini amalga oshirish muddatlarini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Bo‘lajak atom stansiyasining birinchi betonini 2026-yil mart oyida quyish topshirildi. «O‘zatom» direktorining tushuntirishicha, beton quyish loyihani amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tishni anglatadi, bu esa bevosita AES qurilishiga olib keladi. Prezidentga har ikki haftada loyihaning amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot beriladi, deya qo‘shimcha qildi u.
Mavzuga doir: Birinchi o‘zbek AESi: u nima uchun kerak va nega portlamaydi?
Izohlar