
Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarning barcha daromadlarini hisobga olish tizimi ishlab chiqilishi mumkin
Jismoniy shaxslarni soliqqa tortish boʻlimi allaqachon soliq toʻlovchilarni segmentlashga kirishdi.

Soliq qoʻmitasi jismoniy shaxslarning daromadlarini, shu jumladan chet elda olingan daromadlarni toʻliq hisobga olish uchun yagona maʼlumotlar bazasi va IT-tizimini yaratishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev “Газета.uz”ga.
Maʼlumotlarga koʻra, Jismoniy shaxslarni soliqqa tortish boʻlimi allaqachon soliq toʻlovchilarni segmentlashga kirishgan. Mutasaddi idoralar tomonidan eng yuqori daromadga ega boʻlgan jismoniy shaxslardan soliq undirish va toʻlash boʻyicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Qayd etilishicha, ishlab chiqilgan tizim daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kamaytirish, yashirish yoki oʻzgartirish imkoniyatini istisno qilishi kerak.
Bundan tashqari, fuqarolarning chet elda olgan daromadlari ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish tartibini hisobga olgan holda hisobga olinadi.
“Agar Oʻzbekiston rezidenti boshqa davlatda daromad olsa, u Oʻzbekistonda soliq toʻlashi shart. Agar u boshqa davlatda soliq toʻlagan norezident boʻlsa, biz buni hisobga olamiz. Yaʼni amaldagi qonunchilik doirasida jismoniy shaxslarni toʻliq soliqqa tortish tizimini yoʻlga qoʻyamiz”, — deya taʼkidladi Mirzayev.
Avvalroq Oʻzbekistonda sanʼatkor va artistlar daromad soligʻi toʻlashga majburlanishi haqida xabar berilgandi. Soliq qoʻmitasi tegishli mexanizmni tayyorlamoqda.
Soʻnggi yangiliklar







