O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan loyiha ofisini tashkil etish, shuningdek, issiqxonalarga bir qator imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda, deb yozadi Norma.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi ofis Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladi va u Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi qisqartirishlar hisobiga 6 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi. Tashkilot alohida yuridik shaxsga aylanishi va sohani rivojlantirish bilan shug‘ullanishi rejalashtirilgan. Xususan, ofisning quyidagi vazifalari paydo bo‘ladi:

  • issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan dastur uchun talablar va texnik shartlarni belgilash, uni ishlab chiqishni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
  • xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining tavsiyalarini umumlashtirish va tahlil qilish;
  • tegishli tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlash;
  • issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirish masalalarini institutsional tahlil qilish hamda islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilash.

U o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksport, savdo, infratuzilma va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga hisobot beradi.

Avvalroq Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxonalar markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanishi haqida xabar berilgandi. Korxonalar havo sifatini yaxshilash uchun ko‘mir va gazdan voz kechadi.