25 Mart 2025, 12:45 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda ikkita giyohvandlik laboratoriyasi fosh etildi va 100 kiloga yaqin taqiqlangan moddalar musodara qilindi

Tezkor tadbirlar davomida xorijdan moddalar kontrabandasiga ham chek qo‘yildi.

O‘zbekistonda ikkita giyohvandlik laboratoriyasi fosh etildi va 100 kiloga yaqin taqiqlangan moddalar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda giyohvandlik moddalari aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Jumladan, xizmatning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sariosiyo tumanida yashovchi 1977-yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Uzun tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 82 kg 478 gr opiy moddasini olib, mahalliy fermer xo‘jaliklaridan birining noturar binosiga yashirib qo‘ymoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u 2 ming dollar xizmat haqi evaziga tojikistonlik narkosavdogarning ko‘rsatmasiga asosan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida belgilangan joyga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2001-yilda tug‘ilgan shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” tarzida joylashtirayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, u o‘z qaynonasining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlanib, tintuv tergov harakatlari davomida ushbu manzildan 9 kg 450 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Bundan tashqari, mazkur fuqaro tomonidan mijozlarga sotish maqsadida xufiya joylarga qoldirilgan jami 595 gr “Mefedron” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Boshqa holatda esa Rossiyadan xalqaro pochta jo‘natmalari orqali boshqa tovar nomi ostida plastik idishda yuborilgan 7 kg 313 gr sintetik kannabinoid analogi bo‘lgan “5-Fluro-ADB” giyohvand moddasi qabul qilib olinganda Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi 2001 va 2002-yillarda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 2 nafar shaxs DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ular WhatsApp messendjeri orqali tanishgan noma’lum profil egasi topshirig‘iga ko‘ra, 500 dollar evaziga ushbu ajal og‘usini Toshkent shahridan Samarqand viloyatiga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkotik moddani Samarqand viloyatida qabul qilib olgan vaqtlarida Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 2001 va 2002-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ham ushlandi.

Ulardan birining Samarqand shahridagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan yashirin laboratoriya tashkil qilinganligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar