17 Fevral 2025, 10:48 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda ikki yarim oyda 327 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy fodalanildi

Bu hajmdagi gaz bilan 266 mingta xonadonni qishki davrda bir oy ta’minlash mumkin bo‘lardi.

O‘zbekistonda ikki yarim oyda 327 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy fodalanildi

Oʻzbekistonda ikki yarim oyda 133 million 84,9 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi.

“Oʻzenergoinspeksiya”ning bergan maʻlumotiga koʻra, 2024-yil 1-dekabrdan joriy yil 15-fevralgacha tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga oid 167 ta holat aniqlangan. Bu orqali 82 million 158,9 ming metr kub tabiiy gazdan asossiz foydalanilib, davlat manfaatlariga 210 milliard 428,2 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

Shuningdek, “Hududgaztaʻminot” AJning bergan maʻlumotiga koʻra, jamiyat masʻul xodimlari tomonidan mazkur davrda 6472 ta noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Ushbu holatlar boʻyicha 50 million 890 ming metr kub tabiiy gaz uchun 117 milliard 300 million soʻm miqdorida qayta hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, shu vaqt oraligʻida 4942 dona maishiy gaz ballonida 77,8 tonna (36 ming kub metrga teng) hajmdagi suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olingan.

“Hisobot davrida noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 133 million 84,9 ming metr kub boʻlib, bu miqdordagi tabiiy gaz 266 ming 170 ta xonadonning qishki davrdagi bir oylik meʻyoriy bazasiga tengdir. Qolaversa, agar ushbu gaz resurslaridan oqilona foydalanilganida, metan zapravkalar 10 kun davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega boʻlardi”, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar