O‘zbekistonda IIO va Milliy gvardiya xodimlariga bo‘ysunmaganlik uchun jarimalar oshiriladi
To‘lovlar miqdori besh baravargacha oshadi.

O‘zbekistonda IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarimalar oshiriladi. Tegishli tuzatishlar Senatda qabul qilindi.
Yalpi majlisda so‘nggi paytlarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlovchi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holatlari ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Jumladan, 2021-yilda 56 474 ta, 2022-yilda 88 401 ta, 2023-yilda 88 988 ta, 2024-yilda 85 278 ta ana shunday huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda:
- IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun BHMning 5 baravaridan 12 baravarigacha (1,875 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima (hozirda 1 BHM);
- huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda BHMning 12 baravaridan 30 baravarigacha (4,5 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mgacha) miqdorda jarima (hozirda 15 BHM) yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.
Avvalroq O‘zbekistonda mayda huquqbuzarliklar bo‘yicha ish faqat jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra qo‘zg‘atilishi haqida xabar berilgandi. Senatorlar ushbu tuzatishlar davlat organlariga yukni kamaytirishga yordam beradi degan xulosaga keldi.
Izohlar