O‘zbekistonda hayvonlarni hisobga olish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi
Endilikda fuqarolar va tashkilotlar tomonidan saqlanayotgan barcha hayvonlar majburiy tartibda ro‘yxatga olinishi va tamg‘alanishi kerak.

6-avgustdan O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiyalash, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risidagi yangi qonun rasman kuchga kirdi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Endilikda fuqarolar va tashkilotlar tomonidan boqilayotgan yoki ko‘paytirilayotgan barcha hayvonlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tamg‘alanishi shart. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi talablarga rioya etilishini nazorat qiladi. Qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan keyin ikki hafta ichida majburiy hisobga olinadi.
Otlar uchun bu muddat to‘rt oy, cho‘chqalar uchun bir oy, it va mushuklar uchun uch oy. Agar mulkdor o‘z vaqtida ulgurmasa, unda ro‘yxatdan o‘tish va qonunni buzmaslik uchun yana bir oy vaqt qoladi. Qoidalar mamlakatga olib kiriladigan hayvonlarga ham taalluqli. Bunda identifikatsiyalash olib kirilgan paytdan boshlab 21 kundan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak.
“Qabul qilingan normalar hayvonlarni hisobga olishni tartibga solish, veterinariya nazoratini kuchaytirish va kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, identifikatsiyalash uy yoki qishloq xo‘jaligi hayvonining veterinariya pasportini rasmiylashtirish, shuningdek, unga noyob raqam berishni nazarda tutadi. Identifikatsiya tamg‘a, tatuirovka yoki yorliq qo‘yish, shuningdek, mikrochip orqali hayvon, uning sog‘lig‘i, emlash, egasining ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlarni kiritish imkonini beruvchi eng ilg‘or usul — chiplash bilan birga amalga oshiriladi.
Izohlar