Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida harorat inversiyasi tufayli havo sifati yomonlashmoqda, deya ma’lum qildi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov.
Raisning so‘zlariga ko‘ra, hodisa kunduzgi va kechki havo harorati o‘rtasidagi katta farq, ba’zi hollarda 14 darajaga yetishi, tuman va shamol tezligining pasayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosiga tarqalishini qiyinlashtiradi.
Qutbiddinov Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya turli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib, o‘z ishini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Jumladan, sanoat va iqtisodiy obyektlarda, transport vositalarida ekologik reydlar va nazorat tadbirlari davom etmoqda.
8-yanvar kuni Toshkent shahri havosida mayda PM2,5 zarrachalarining o‘rtacha miqdori so‘nggi sutkada 101 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu REM (60 mkg/m3) dan 70% ga oshdi. Prognozlarga ko‘ra, bunday meteorologik sharoitlar 16-17 yanvar kunlarigacha saqlanib turadi. Antitsiklonlar kelishi bilan yog‘ingarchilik va shamol tezligi oshishi kutilmoqda, bu esa havo sifatini yaxshilashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar havo sifati yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirilgandi. Mamlakat hududida haroratning ko‘tarilishi atmosferadagi inversion jarayonlarni yana faollashtiradi.























