O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarila boshlanadi
Mashinalarni yaratishda Janubiy Koreya mutaxassislari yordam beradi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya mamlakatda gumanoid robotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston-Koreya biznes davra suhbati davomida vazirlik vakillari Janubiy Koreyaning ROBOTIS kompaniyasi vakillari bilan birgalikda tegishli kelishuvni imzolagan. Qayd etilishicha, xorijiy kompaniya robototexnika sohasidagi yirik o‘yinchi bo‘lib, o‘zining gumanoid va ta’lim robotlari, shuningdek, DYNAMIXEL intellektual aktuatorlari bilan mashhur.
Hujjat O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologik va ishlab chiqarish bazasini yaratish, shuningdek, yangi soha uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi. Idoraning ta’kidlashicha, ROBOTIS’ning robotlarni yaratish va tijoratlashtirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribasi O‘zbekiston uchun o‘z yuqori texnologiyalar sanoatini jadal rivojlantirish imkoniyatini ochadi.
Hamkorlik memorandumi iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish va mamlakatning innovatsiyalar sohasidagi mavqeini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda xalqaro raqamli texnologiyalar markazi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Tashkilot sohaga keng ko‘lamli investitsiyalarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi.
Izohlar