O‘zbekiston

O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga javob berish tizimi modernizatsiya qilinmoqda

Prezident texnika parkini zamonaviy mashinalar bilan kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyevga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari haqida ma’lumot berildi.

Bu borada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha yaxlit dastur haligacha mavjud emas. Shu bilan birga, o‘n olti yil oldin qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Shu bois davlat rahbari xavf-xatarlarni oldindan baholab, tezkor va samarali harakat qiladigan tizim yaratish vazifasini qo‘ygan edi. Taqdimotda mutasaddi rahbarlar joriy holat bo‘yicha tahlil natijalari, aniqlangan muammolar va amaliy takliflarni taqdimot qildi.

Profilaktika ishlari asosan davlat tuzilmalarida jamlangan. Shu bilan birga, favqulodda hodisalarning 70 foizdan ortig‘i aynan aholi xonadonlarida — nosoz yoki eskirgan gaz va elektr jihozlari, shuningdek, elementar xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik tufayli sodir bo‘lmoqda.

Prezident tizim ishini mahalla darajasida yo‘lga qo‘yib, har bir ko‘cha va xonadonni favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari bilan qamrab olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish zarurligini ta’kidladi. Raqamli texnologiyalar va zamonaviy texnik uskunalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi ishlar hozircha o‘ta sust va zamon talablariga javob bermaydi.

Shu bois raqamli infratuzilma yaratib, favqulodda holat signalidan boshlab uni bartaraf etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, yangi ish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tezkorlikni oshirish uchun zamonaviy texnika va uskunalar parkini ko‘paytirish, ularni mamlakat ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarur.

So‘nggi yillarda turli sohalarda yangi materiallar va texnologiyalar paydo bo‘layotganini hisobga olib, texnogen tahdidlarning yangi turlarini o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish imkonini beradigan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish topshirildi.

Davlat rahbari bu yerda dual ta’lim va malaka oshirish markazi tashkil etish, professional qutqaruvchilar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida o‘quv dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar yadroviy halokatlar yuz bergan taqdirda tovon puli olishi mumkinligi xabar qilingandi. Deputatlar tomonidan qabul qilingan qonun loyihasini Senatda ma’qullash kerak.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная