O‘zbekistonda ekologik madaniyatni bolalar bog‘chasidan boshlab singdirish boshlanadi
Mamlakatda ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash dasturi ishlab chiqiladi.

Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish choralarini o‘rganib, ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Muhokamada so‘nggi uch yilda barcha manbalar hisobidan sohaga 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgani ta’kidlandi. Chiqindilar bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun hukumat 1,2 mingta yangi texnika sotib oldi. Shuningdek, mahallalarda chiqindi yig‘ish maydonchalari barpo etildi. Yig‘ish va tashish tizimi takomillashtirilgani natijasida soha ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.
Qayd etilganidek, 2024-yilda Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ish boshladi. Bundan tashqari, sohani tadbirkorlikka keng yo‘l ochib, qulay biznes muhiti yaratdik. Xususan, sanitar tozalash va qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi, xorijdan olib kelinadigan texnika va uskunalar bojxona bojidan ozod qilindi.
Natijada mamlakatimizda 200 ga yaqin sanitar tozalash va 290 ta qayta ishlash korxonalari tashkil etildi. Mamlakatimizda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘layotgani, so‘nggi yillardagi loyihalar natijasida bu ko‘rsatkich 5 foizga yetgani, lekin ularni qayta ishlash darajasi hamon pastligi qayd etildi.
Mamlakatda chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda xitoylik investorlar tomonidan 6 ta hududda shunday zavodlar qurilmoqda. Davlat nafaqat chiqindilarni yo‘q qilish uchun to‘lovlarni amalga oshirish, balki ishlab chiqarilgan energiyani sotib olish majburiyatini ham oldi. Bundan tashqari, Toshkentda issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan ikkita tibbiyot chiqindilarini yoqish korxonasi ishga tushirildi. Samarqandda yana ikkita, qolgan hududlarda bittadan shunday zavod qurish rejalashtirilgan.
Mutasaddilar maishiy chiqindilarning to‘rtdan bir qismini qog‘oz, plastmassa, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlari tashkil etishini, ularni qayta ishlash natijasida 1 trillion so‘mlik xomashyo olish mumkinligini ta’kidladi. Bundan tashqari, mamlakatda qurilish, kimyo, elektronika, texnik chiqindilar va sanoat moylarini qayta ishlash sohasida katta salohiyat mavjud.
Chiqindi tashish xizmatlari aholi talablariga javob berishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois mutasaddilarga chiqindi tashish mashinalarining har bir mahallaga yetib borish vaqti va yo‘nalishini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, davlat rahbari ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, bog‘cha va maktabdan boshlab jamiyatda ekologik madaniyatni shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekiston xavfli sanoat chiqindilaridan yoqilg‘i ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar berilgandi. Mamlakat uni amalga oshirishga yordam beradigan ikkita xorijiy kompaniya bilan shartnoma imzolagan.
Izohlar