9 Yanvar 2025, 17:55 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda ekofaollar uchun imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda

Bu 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda ekofaollar uchun imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish maqsad qilingan.

Bunda uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilanadi:

  • aholi orasida kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
  • “yashil transportda”, shu jumladan, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
  • plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
  • oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
  • suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 1-iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi platformani ishga tushiradi:

  • bir sutka davomida kamida 10 ming qadam yurishni targ‘ib qilish;
  • yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish hamda ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklarda iste’mol kreditini olishda chegirma taqdim etish;
  • oilaning barcha voyaga yetgan a’zolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olganda, ushbu oilaga “yashil oila” maqomini berish hamda ularga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil berish;
  • aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlarini o‘tkazish va g‘olib bo‘lgan mahallalar jamg‘armasiga bolalar maydonchasini qurish, yashil bog‘ yaratish hamda chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish va chiqindi konteynerlarini o‘rnatishga 500 million so‘m ajratish.

Mazkur bandning so‘zsiz, sifatli va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashga mas’ullar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilanadi.

Mashhur yangiliklar