Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalarini muhokama qilish uchun Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi.

Prezident harbiy kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish, muddatli harbiy xizmatni nafaqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik, balki yoshlarni mehnat bozoriga, mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etish, ularning jamiyatda mustahkam o‘rin egallashiga erishish zarurligini ta’kidladi.

Armiyada yoshlar xizmatni tugatgandan so‘ng kamida bitta kasbni egallashi bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlarning asosiy yo‘nalishlari va mutaxassisliklaridan kelib chiqib, harbiy xizmatchilarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dastur yakunida harbiy xizmatchilar malaka imtihonini topshiradi, shundan so‘ng ularga kasb haqida sertifikat beriladi.

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida oʻqitiladi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlarini bevosita o‘z harbiy qismida topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalar safiga qabul qilingan harbiy xizmatchilar muddatli harbiy xizmatni tugatgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasida o‘qishni boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagini bildirgan yoshlarga chet tili va mutaxassislik fanlari bo‘yicha sertifikat olish xarajatlari qoplab beriladi. Shartnoma asosida o‘qishga kirganlarga foizsiz ta’lim krediti beriladi.

Armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlashda alohida imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarga kredit xarajatlarining 6 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlarga Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy etiladi. Xususiy sektorda ishlashni rejalashtirgan yoshlarga kasb o‘rganish va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni oʻtash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻli”ga aylanishi kerak, — dedi prezident.

Oliy bosh qo‘mondon muhandislik-texnik ish, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurash sohalarida mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi. Harbiy xizmatchilarni ma’naviy jihatdan boyitish, jumladan, kitob o‘qish muhimligi alohida ta’kidlandi. 2026-yilda barcha harbiy qism va muassasalar badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.

Qurolli Kuchlar tizimida Oliy Bosh Qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi tashkil etiladi. Okrug, qo‘mondonlik, vazirlik va Oliy Bosh Qo‘mondon darajasidagi tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatni o‘tash muddati bir oyga qisqartiriladi.

Shuningdek, 2026-yilda Mudofaa vazirligi huzuridagi sport musobaqalari dasturlari kengaytiriladi, harbiy xizmatchilar kibersport, dronlarni boshqarish, robototexnologiyalarda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. Oʻzbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos boʻlishi kerak, — dedi prezident.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda bir oylik harbiy xizmat bekor qilinishi mumkin. “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirovning fikricha, yoshlarni majburiy harbiy xizmatga chaqirish intizomga katta ta’sir ko‘rsatadi.