
Oʻzbekistonda bir mln dollardan ortiq mablagʻning chet elga noqonuniy chiqarilishining oldi olindi
Huquqbuzarlarga katta miqdordagi jarima yoki qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida DXX xodimlari 1 273 170 dollarni xorijga noqonuniy olib chiqishga urinishning oldini oldi, deya xabar qilmoqda DXX matbuot xizmati.
Maʼlumotlarga koʻra, huquq-tartibot xodimlari Toshkent tumanidagi “Navoiy” chegara-bojxona postida Lacetti rusumli avtomobilni tekshirish paytida pullarni aniqlaganlar. Mamlakatdan chiqib ketmoqchi boʻlgan ayol 874 ming dollarni sellofan xaltaga yashirib, noqonuniy olib chiqishni rejalashtirgan ekan. Huquq-tartibot xodimlari bu pullar poytaxt bozorlaridagi savdogarlardan yigʻilganini aniqlashdi.
Xorijga noqonuniy olib chiqish uchun tayyorlab qoʻyilgan yana 399 170 dollar esa huquq-tartibot xodimlari tomonidan toshkentlik fuqaroning uyidan topildi. Erkak pullarni Qozogʻistonga olib ketmoqchi boʻlgan. Operatsiya davomida huquq-tartibot xodimlari jami 1 273 170 dollarni ashyoviy dalil sifatida musodara qildilar.
Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi (Bojxona qonunchiligini buzish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Gumonlanuvchilar qamoqqa olindi. Huquqbuzarlarga bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha (112 mln soʻmdan 225 mln soʻmgacha) jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Tergov ishlari olib borilmoqda.
Soʻnggi yangiliklar







