O‘zbekistonda ayrim xususiy OTMlar xatolik tufayli litsenziya olgani aniqlandi
Oliy ta’lim vazirligi vaziyatni “Litsenziya” tizimidagi nosozlik bilan izohladi, Adliya vazirligi bunday versiyani rad etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda xususiy OTMlarga yangi litsenziya va ruxsatnomalar berilishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holatga izoh berdi.
Oliy ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Litsenziya” tizimida litsenziyaga o‘zgartirish kiritish uchun arizalarni ma’qullash to‘g‘risida paydo bo‘lgan ma’lumotlar texnik nosozlik natijasida yuzaga kelgan. Natijada ko‘rib chiqish muddati tugamagan bir nechta arizalar bo‘yicha ijobiy xulosalar berildi.
Hozir buning sabablari tegishli idoralar bilan birgalikda chuqur o‘rganilmoqda. Yakuniy xulosalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot jamoatchilikka taqdim etiladi, deyiladi vazirlik xabarida. Shuningdek, vazirlik matbuot xizmati noto‘g‘ri ma’qullangan arizalar taqdim etilgan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar ro‘yxatiga aniqlik kiritdi:
- Profi University — yurisprudensiya yo‘nalishlari, barcha magistratura mutaxassisliklari, masofaviy ta’lim shakli;
- Sharq University — bank ishi va buxgalteriya hisobi yo‘nalishlari, kechki va masofaviy ta’lim shakllari;
- Osiyo xalqaro universiteti — masofaviy ta’lim shakllari, Urganchda yangi kampus ochilishi;
- Biznes va fan universiteti (University of Business and Science) — masofaviy ta’lim shakli;
- Iqtisodiyot va pedagogika universiteti — magistratura mutaxassisliklari, tibbiyot yo‘nalishlari, masofaviy ta’lim shakllari, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Denov shahrida kampus ochish.
Adliya vazirligi “Litsenziya” axborot tizimida “texnik nosozliklar va ruxsatsiz xatti-harakatlar” kuzatilmaganini ma’lum qildi. Tizim normal rejimda ishlamoqda.
Avvalroq OTMlarni moliyalashtirish ballarga bog‘liq bo‘lishi xabar qilingandi. Muassasalar ularni bir necha toifa bo‘yicha olishlari mumkin bo‘ladi.
Izohlar