O‘zbekistonda ayrim shifokorlarning maoshi oshiriladi
Mamlakatda yangi pilot loyiha ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda 1-iyuldan ayrim shifokorlarning oylik maoshi 20 foizga oshiriladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Iyul oyidan tuman va shaharlarda tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli, 2026-yil 1-yanvardan esa Samarqand viloyatining barcha shaharlarida joriy etiladi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlari tibbiyot xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar belgilanadi:
- sayyor tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;
- vrachlar brigadasiga belgilangan normalardan tashqari har bir biriktirilgan aholi soni uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida — shaharlarda 0,3 foiz va tumanlarda 0,5 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi;
- oila salomatligi masalalari bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida tashkil etilgan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tamomlagan tibbiyot xodimlariga — sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.
Pilot loyiha doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalari shifokorlarining oylik ish haqi 20 foizga, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik ish haqi 10 foizga oshiriladi.
Shuningdek, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmasevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida oylik ish haqining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda mukofot puli joriy etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda oilaviy shifokorlar 1500 dollar olishi mumkinligi xabar qilingandi. Hamshiralar maoshi ham 800 dollargacha oshiriladi.
Izohlar