O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida Ko‘p funksiyali inklyuziv-resurs markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ixtisoslashtirilgan maktablar yoki maktab-internatlar negizida bittadan ko‘p funksiyali maktab tashkil etiladi. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida inklyuziv markaz tarkibida inklyuziv korreksion maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ularda o‘quvchilarni moslashtirish, o‘quv va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek, individual o‘quv rejasi asosida korreksion va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan “boshlang‘ich” inklyuziv sinflar faoliyati tashkil etiladi.
Markazda umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun asosiy maktabdagi darslarga qo‘shimcha fanlar, kasblar va korreksion mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab inklyuziv markazda davlat ta’lim tashkilotlari maxsus pedagoglarining bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun maxsus pedagoglarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab hududlarda inklyuziv maktablar faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.


















