23 Oktabr 2024, 13:40 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda

Statistika agentligi 2026-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-iyulidan 21-avgustiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi tegishli farmon loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida eʼlon qilindi.

Farmon loyihasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari ham belgilangan. Bular:

  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonlarining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshirish;
  • aholini ro‘yxatga olish natijalarining tahlilini o‘tkazish;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, aholini ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini eʼlon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqish;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish;
  • xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Statistika agentligi aholini ro‘yxatga olishni planshet qurilmalari yordamida o‘tkazish uchun 2024–2026-yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni xarid qiladi.

Aholini ro‘yxatga olishda “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi qonun hamda shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qatʼiy rioya etiladi va respondentlardan olingan maʼlumotlar sir saqlanadi.

Mashhur yangiliklar