O‘zbekistonda 2025-yilda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun 18 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Bolalar ombudsmani birinchi yarim yillikdagi ishlarni sarhisob qildi.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 18 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda 14-iyul kuni Bolalar ombudsmani birinchi yarim yillik yakunlarini sarhisob qilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga 885 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 665 tasi nazoratda qolmoqda. 20 ta holatda voyaga yetmaganlar Ombudsmanga murojaat qilgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha 2 ta jinoyat ishi va 5 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, internet-monitoring davomida bolalar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq 185 ta holat aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan yana 16 ta jinoyat ishi va 22 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan 21 ta shaxsiy qabul o‘tkazilib, 87 ta murojaat qabul qilindi. Xorijdagi qarindoshlarining murojaatlariga ko‘ra, besh nafar bola O‘zbekistonga, bir nafar bola Rossiyaga qaytarildi.
Izohlar