O‘zbekiston va Germaniya yangi universitet tashkil etadi
Bitiruvchilar Germaniyada ishga joylashish uchun kengaytirilgan imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Germaniyaga tashrif buyurib, Saksoniya-Anxalt federal yeri parlamenti raisi Gunnar Shellenberger bilan uchrashdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Germaniya Amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi Bayonnoma imzolandi.
Hujjat Anxalt amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda xalqaro darajadagi yangi universitetni tashkil etish bo‘yicha amaliy qadamlarni boshlashni nazarda tutadi.
Yangi oliy o‘quv yurti muhandislik, kompyuter fanlari, sun’iy intellekt va xalqaro biznes sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash platformasiga aylanishi rejalashtirilgan.
“Gunnar Shellenberger yangi oliy o‘quv yurtiga “O‘zbekiston-Germaniya amaliy fanlar universiteti” nomini berishni taklif qildi va Saksoniya-Anxalt parlamenti raisi sifatida uning Vasiylik kengashiga shaxsan kirishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, universitet bitiruvchilari Germaniyada ishga joylashish uchun kengaytirilgan imkoniyatlarga ega bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Germaniyada O‘zbekiston OTMlarining diplomlari tan olinishi boshlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Qaror hozircha faqat muhokama bosqichida.
Izohlar