
O‘zbekiston va Fransiya Strategik rejalashtirish guruhini tashkil etadi
Tomonlar 12 mlrd yevrodan ortiq qo‘shma loyihalar portfelidan kelib chiqib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirishni ilgari surmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida 12-mart kuni Yelisey saroyida mamlakat prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar.
O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 mlrd yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda Fransiyaning “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Voltalia”, “Veolia” kabi kompaniyalari ish olib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan yangi hamkorlik dasturi qabul qilinmoqda.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va “MEDEF” biznes missiyasi samarali o‘tgani ta’kidlandi, Ishbilarmonlar palatasi o‘z ishini boshladi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiya kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ahamiyat qaratildi.
Sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 mlrd yevrolik qo‘shma loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Qo‘shma loyihalar portfeli 12 mlrd yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. Shundan kelib chiqib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.
Soʻnggi yangiliklar







