O‘zbekiston SSV koronavirusning yangi NB.1.81 shtammi paydo bo‘lganiga munosabat bildirdi
Mutaxassisning fikricha, aholida koronavirusga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgan kabi munosabat shakllanib bo‘lgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov koronavirusning yangi shtammi tarqalishi haqidagi ma’lumotlarga izoh berdi.
Mutaxassis 2025-yil mart oyida Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi bir qator mamlakatlarda tarqalgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Biroq, COVID-19’ning yangi to‘lqini butun dunyoni qamrab oldi, degan da’volar asossiz ekanligini ta’kidladi.
2024-yil 13-apreldan boshlab JSST koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kunlik statistikani e’lon qilishni to‘xtatdi, bunday amaliyot milliy tuzilmalar doirasida ham qo‘llanilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan butun dunyoda epidemiologik vaziyat barqarorlashganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, JSST hozircha NB.1.81 shtammining keng tarqalishini rasman tasdiqlamadi.
“Dunyoda koronavirus bo‘yicha shov-shuvli axborotlarni tarqatishdan manfaatdor guruhlar bor. Ayni kunlarda e’lon qilinayotgan bu kabi ma’lumotlarni ham shunday izohlasak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng”, — dedi u.
Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirusga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani kabi munosabat shakllanib bo‘lgan.
“Chunki mazkur kasallikni diagnostika qilish, davolash imkoniyatiga egamiz. O‘z navbatida, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelgan. Nafaqat O‘zbekiston, butun Yer kurrasida holat shunday!” — dedi mutaxassis.
Mamlakatda hali ham COVID-19 bilan kasallanishning yakka holatlari qayd etilmoqda, ammo faqat surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar kasalxonaga yotqizilmoqda. Qolganlar ambulator sharoitda davolanmoqda, chunki kasallik yengil kechmoqda.
Otabekovning ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyasi qayd etilgan. Ammo ularning atigi 10-15 tasi kasallikka olib kelgan, shuning uchun har bir yangi shtammdan vahimaga tushish shart emas.
Shuningdek, u O‘zbekistonda aylanayotgan viruslarni kuzatish tizimi mavjudligini eslatib o‘tdi: maxsus laboratoriyalarda muntazam ravishda bemorlardan olingan virus namunalari tekshirilmoqda.
“Shu ma’noda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida darhol shov-shuvli xabarlar tarqatishga zinhor urinmaslik kerak. Xavotirga hech qanday asos yo‘q”, — deb yakunladi u.
Avvalroq dunyoda koronavirusning yangi NB.1.8.1 shtammi tarqala boshlagani haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar uni kasallikning oldingi variantlariga qaraganda xavfliroq deb hisoblamaydi.
Izohlar