25 Fevral 2025, 08:17 Oʻzbekiston, Jahon

O‘zbekiston kompaniyasi Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchradi

Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda uskunalarni sotadi va sozlaydi.

O‘zbekiston kompaniyasi Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchradi

Yevropa Ittifoqi Ukrainada urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi 16-sanksiya paketini qabul qildi. Bu haqda YeI kengashining press-relizida aytiladi.

48 nafar jismoniy va 35 nafar yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralari qo‘llangan. Qayd etilganidek, ular Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgardir.

Sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasi ham kiritildi.

Uzstanex kompaniyasi StanexGroup holdingi tarkibiga kiradi. Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda uskunalarni sotadi va sozlaydi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Amalga oshiradigan faoliyat turi – mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi. Ustav fondi 65 mln so‘m. Yagona ta’sischisi – Abramov Vasiliy Vitalevich, direktori – Boytsov Dmitriy Aleksandrovich. Kompaniya Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan.

Mashhur yangiliklar